Turkiya tashqi siyosatiga nazar 10-qism

Turkiyaning Afrika tashabbusi va buning Turkiya tashqi siyosatiga ko’rsatgan ta’siri...

Turkiya tashqi siyosatiga nazar 10-qism

                 

Turkiya prezidenti Rajap Tayyip Erdo’g’an kuni kecha davlat tashrifi bilan g’arbiy Afrikada bo’ldi.

Ushbu ziyorat Turkiyaning Afrika tashabbusi doirasida amalga oshirildi. Dasturimizning bugungi sonida Turkiyaning Afrika tashabbusi va buning Turkiya tashqi siyosatiga ko’rsatgan ta’sirini ko’zdan kechiramiz.

Turkiya Respublikasi prezidenti Rajap Tayyip Erdo’g’an g’arbiy Afrika ziyorati doirasida dastlab Jazoyirda bo’ldi. So’ngra, Movritaniya va Senegal bilan davom etgan ziyoratlar Mali Respublikasiga tashrif bilan yakunlandi. Shu bilan birga Erdo’g’an 2005 yildan beri Afrika qit’asidagi jami 32 mamlakatga rasmiy ziyorat amalga oshirgan bo’ldi. Afrikadagi Turkiya elchixonasining soni 12 dan 41 nafarga chiqarilishi, o’zaro savdo hajmining yuz millionlardan yuz milliardlarga chiqarilishi ushbu ziyoratlarning natijasidir.

Rasmiy ziyoratlar doirasida juda unumli muzokara va uchrashuvlar amalga oshirildi. Global masalalarga doir fikr almashildi. Xalqaro terrorizmga qarshi kurash va Al-Quds masalasi bilan bir qatorda, ko’plab masalalar bo’yicha kelishib olindi. O’zaro savdo va investitsiya imkoniyatlariga doir shaxdam qadamlar tashlandi.

Turkiya prezidenti Rajap Tayyip Erdo’g’an Afrika davlatlari rahbarlarining Fathulloh Gulen harakatiga qarshi kurash jarayonida Turkiyani qo’llab quvvatlagani va bu jarayonda o’zaro hamkorlikni yanada kuchaytirganligiga tasannolar aytdi.

Ma’lumki, Jazoyir bilan Turkiya mushtarak tarixiy o’tmishga ega. Qolaversa, ikki davlat o’rtasida azaliy do’stlik va qardoshlik munosabatlari bor. Bu munosabatlar Erdo’g’anning 2006 yilda Jazoyirga amalga oshirgan rasmiy ziyoratidan so’ng yanada ravnaq topdi. O’zaro oliy darajali ziyoratlar ortdi. Iqtisodiy va tijoriy munosabatlarda katta o’zgarishlar va islohotlar amalga oshirildi. Bu jarayonda ikki davlat o’rtasida imzolangan “Do’stlik va hamkorlik bitimi” ziyoratlarning natijasi bo’ldi. Oxirgi paytlarda ikki davlat o’rtasidagi munosabatlar yanada rivojlandi.

Turkiyaning mushtarak tarixiy va diniy qadriyatlarga ega bo’lgan Movritaniya bilan siyosiy munosabatlari do’stlik va hamkorlik qadriyatlariga asoslangan. Ikki davlat o’rtasida hech qanday siyosiy muammo yo’q. Biroq, 2008 yilgacha ikki davlat o’rtasida jiddiy o’zgarish ham bo’lmadi. Turkiyaning Afrika tashabbusiga doir siyosati bilan birga ikki davlat o’rtasida o’zaro va ko’p tomonlama platforumlarda oliy darajali uchrashuvlarda ortish yuzaga keldi. Movritaniya prezidenti Abdel Azizning 2010 yilda Turkiyaga tashrifi va buning ortidan ikki davlatning elchixonalari o’z faoliyatini boshlashi o’zaro munosabatlarga katta hissa qo’shdi. Ikki davlat o’rtasida 2013 yildan e’tiboran muntazam ravishda siyosiy muzokaralar o’tkazilib kelinmoqda.

1960 yilda Senegal mustaqil bo’lgach, Turkiya mamlakat poytaxti Dakarda o’z elchixonasini ochdi. Buning evaziga Senegal ham cheklangan moliyaviy imkoniyatlariga qaramay, 2006 yilning avgust oyida Turkiyada o’z elchixonasini ochdi.

Oxirgi yillarda Turkiya va Senegal o’rtasidagi munosabatlarda jonlanish kuzatildi. Senegal Turkiyani mintaqasida va Islom hamkorlik tashkiloti ichida faol va iqtisodiy jihatdan taraqqiy etgan bir davlat sifatida ko’radi va munosabatlarni yanada rivojlantirish tarafdori.

Turkiya bilan Mali Respublikasi o’rtasidagi aloqalarga to’xtaladigan bo’lsak, munosabatlar yuqori darajada. Oxirgi paytlarda Mali Respublikasi prezidenti, majlis rahbari va bosh vazirining Turkiyaga tashrifi doirasida munosabatlar yanada mustahkamlandi. Malida Turkiya elchixonasi 2010 yil 1 fevral kuni o’z faoliyatini boshladi. Mali Respublikasi prezidentining siyosiy maslahatchisi Birahim Soumare 2014 yilning 6 may kuni Mali vazirlar mahkamasi qarori bilan Turkiyaga elchi sifatida jo’natildi. Ikki davlat o’rtasida bir qator sohalarda hamkorlik shartnomalari imzolandi. Kelgusi davrda bu shartnomalarning soni ko’paytirilishi kutilmoqda.

Aytish joizki, Erdo’g’an va Turkiyadan borgan delegatsiyalar Afrika davlatlarida juda katta hurmat-ehtirom bilan kutib olinadi. Buning sababi Turkiyaning mintaqadagi boshqa davlatlardan farq qilishidir. TIKA Afrikadagi salomatlik va suv muammosini hal qilishga harakat qilmoqda. Turk qizil yârim oy jamiyati muhtoj insonlarga oziq-ovqat va chodir yetkazmoqda. Turk tadbirkorlari mamlakatga kiritgan ulkan investitsiya loyihalari asosida mahalliy xalqni ish bilan ta’minlamoqda. Bularning barchasi Turkiyaning Afrika strategiyasiga mos keladi. Darvoqe, Turkiyaning bu strategiyadagi shiori sifatida shuni aytish kerakki, Afrika foyda topsa, Turkiya ham foyda topadi.

Afrika kabi bir geografiyada o’z o’rnini topish uzoq kelajakni ko’zlagan holda amalga oshirilgan tashabbusdir. Balki, Turkiya bugungi kunda ro’yobga chiqargan islohotlarining natijasini o’n yillab keyin olishi mumkin. Shu sababli, sabr va matonat bilan ish olib borish zarur. Zero, Turkiya Afrikaga nisbatan loqayd bo’la olmaydi.

Erdo’g’an g’arbiy Afrika ziyorati doirasida 4 ta musulmon mamlakatga tashrif buyurdi. Qolaversa, kelgusida o’zaro munosabatlarni yanada mustahkamlash uchun butun Afrika qit’asiga safar qiladiganga o’xshaydi. Taxminimizcha keyingi yo’nalish Afrikaning janubi bo’lishi mumkin. Afrika tashabbusi bilan Erdo’g’an Turkiya Respublikasining mintaqada adolatli tartib o’rnatishga hissa qo’shishni maqsad qilmoqda.

Afrikaning oyoqqa turishiga ishonch hosil qilgani uchun shaxdam qadamlar tashlamoqda. Bu maqsad balki Turkiyaning strategik majburiyatlari bilan bog’liq desak mubolag’a bo’lmaydi.

Otaturk Universiteti Xalqaro aloqalar bo’limi xodimi Jemil Do’g’ach Ipekning mavzuga doir mulohazalarini e’tiboringizga havola qildik.



Aloqador xabarlar