O'zbekistondan xabarlar 25-qism

O`zbekiston va Qirg`iziston chegara bo`yicha navbatdagi muzokarani o`tkazdi.

O'zbekistondan xabarlar 25-qism

 

O`zbekiston va Qirg`iziston chegara bo`yicha navbatdagi muzokarani o`tkazdi.

Shu yilning 8-14 iyun kunlari Andijon shahrida O`zbekiston Respublikasi va Qirg`iziston Respublikasi o`rtasidagi Davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalari bo`yicha ikki mamlakat hukumat delegatsiyalari ishchi guruhlarining navbatdagi uchrashuvi bo`lib o`tdi.

Bu haqda O`zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuv doirasida 2017 yil 5 sentyabrdagi O`zbekiston - Qirg`iziston Davlat chegarasi to`g`risidagi Shartnomaga kiritilmagan uchastkalardan O`zbekiston - Qirg`iziston chegarasining o`tish chizig`ini tavsiflash bo`yicha ish davom ettirildi.

Uchrashuv konstruktiv asosda va do`stona ruhda o`tdi. Muzokaralar yakunida tomonlar o'rtasida Bayonnoma imzolandi.

O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Nig`matulla Yo`ldoshev boshchiligidagi parlament delegatsiyasi Belarus Respublikasiga tashrifi doirasida Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan uchrashdi.

Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati xabar berdi.

Lukashenko O`zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning nafaqat davlatlar o`rtasidagi, balki butun mintaqadagi do`stona, o`zaro samarali munosabatlarni mustahkamlash borasidagi yutuqlariga yuqori baho berdi.

Belarus rahbari “oxirgi yilda O`zbekiston Respublikasi va Belarus Respublikasi o`rtasida barcha yo`nalishlarda hamkorlikda katta ijobiy siljish bo`ldi va bunda O`zbekiston rahbarining xizmati katta”, deya ta`kidladi.

O`z navbatida, Yo`ldoshev ikki davlat o`rtasida tovar aylanmasi oshganini, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy loyihalar ko`payganini qayd etdi.

O`zbekiston parlamenti delegatsiyasi O`zbekiston va Belarus biznes doiralari vakillari ishtirokida o`tkazilgan hamda tadbirkorlik sohasidagi ikki tomonlama munosabatlarni chuqurlashtirishga, ikki respublikada ishlab chiqariladigan tovarlar eksporti va importini oshirishga, shuningdek iqtisodiyot va moliya sektorini rivojlantirishda har bir tomonning investitsiyalar bilan ishtirokini kengaytirishga bag`ishlangan davra suhbatida ham ishtirok etdi.

O`zbekiston delegatsiyasi Belarus Respublikasi ishbilarmon doiralari vakillarini O`zbekistonda biznes bilan shug`ullanish imkoniyatlari, mamlakatimizda tadbirkorlarni himoya qilish bo`yicha ko`rilayotgan huquqiy va moliyaviy chora-tadbirlar, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan olib borilayotgan xususiy sektorni yanada rivojlantirish islohotlari bilan tanishtirdi.

Parlament delegatsiyasi a`zolari, Belarusdagi yirik firmalarning ishlab chiqarish quvvati bilan tanishdilar.

O'zbekiston parlamenti a`zolari shuningdek Belarus Respublikasi bosh vaziri Andrey Kobyakov bilan uchrashdi.

Uchrashuv chog`ida O`zbekiston Respublikasi va Belarus Respublikasi o`rtasidagi davlatlararo munosabatlarni ijtimoiy - siyosiy, ijtimoiy - iqtisodiy, savdo - investitsiyaviy va madaniy - gumanitar sohalarda yanada rivojlantirishga oid masalalar muhokama qilindi.

O`zbekiston - Moldova siyosiy maslahatlashuvlari bo`lib o`tdi.

Shu yilning 15 iyun kuni O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi delegatsiyasi Kishinyov shahrida tashqi siyosat idoralari rahbarlari o`rinbosarlari darajasidagi O`zbekiston - Moldova siyosiy maslahatlashuvlarida ishtirok etdi.

Uchrashuvda Moldova Tashqi ishlar va Evropa bilan integratsiya vazirligi davlat kotibi Tatyana Molchan boshchiligidagi delegatsiya qatnashdi.

Muzokaralarda ikki tomonlama munosabatlar, jumladan siyosiy, savdo - iqtisodiy, investitsion va madaniy - gumanitar hamkorlik kabi yo`nalishlardagi aloqalarning muhim masalalari batafsil muhokama qilindi.

Uchrashuvda shuningdek, savdo, qishloq xo`jaligi, turizm, ta`lim sohasidagi kooperatsiya hamda akademik almashinuvlar uchun ulkan salohiyat mavjudligi qayd etildi.

Shu kunning o`zida bo`lib o`tgan Tashqi ishlar vazirligi vakillari uchrashuvida ikki tomon aloqalarning shartnomaviy - huquqiy bazasi ko'rib chiqildi va O`zbekiston va Moldova orasida kelajakda imzolanishi mumkin bo`lgan hujjatlar loyihalari yuzasidan fikr almashildi.

 

Abdulaziz Komilov Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti bosh kotibi bilan uchrashdi.

O'tgan xaftada O`zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Tomas Greminger boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.

Bu haqda O`zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

O`zbekiston tashqi ishlar vazirligidagi suhbat davomida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining barcha uch o`lchamlarida hamkorlikni davom ettirish va rivojlantirishdan tomonlar manfaatdor ekanligi tasdiqlandi.

Amalga oshirilayotgan davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimi islohoti, shuningdek, ularning fuqarolar bilan muloqotga ochiqligi O`zbekistonni siyosiy rivojlanishning mutlaqo yangi darajaga olib chiqdi va Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti bilan hamkorlikni kengaytirish uchun aniq imkoniyatlar yaratishi qayd etildi.

O`zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi 72- sessiyasi minbarida bildirgan tashabbuslarini tatbiq etish doirasida Toshkent shahrida bo'lib o'tgan xalqaro konferentsiyaning mavzusi dolzarbligi ta`kidlandi.

Uchrashuvda 26 - 27 mart kunlari Toshkent shahrida bo`lib o`tgan Afg`oniston bo`yicha xalqaro konferentsiya yakunlari nuqtai - nazaridan mintaqaviy muammolar yuzasidan ham fikr almashildi.

Muzokaralarda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti loyihalarining O`zbekistondagi koordinatori Jon MakGregor xam ishtirok edi.

Greminger va delegatsiyasi a`zolari Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti bilan o`tkazildigan "Terrorizmga olib keluvchi tajovuzkor ekstremizm va radikalizmning oldini olish hamda ularga qarshi kurashishda yoshlarning roli" mavzusidagi xalqaro konferentsiya ishida xam ishtirok etdi.

         

 


Tanlangan kalimalar: Yangiliklar , O'zbekiston

Aloqador xabarlar