O'zbekistondan xabarlar 10-qism

Yevropa investitsiya bankining O`zbekistondagi faoliyatiga oid bitim kuchga kirdi.

O'zbekistondan xabarlar 10-qism

Yevropa investitsiya bankining O`zbekistondagi faoliyatiga oid bitim kuchga kirdi.

2018 yilning 28 fevral kuni O`zbekiston Respublikasi va Yevropa investitsiya banki o`rtasidagi 2017 yil 13 oktyabr kuni Vashington shahrida imzolangan Yevropa investitsiya bankining mamlakat hududida faoliyatiga oid hadli bitim kuchga kirdi.

Bu haqda O'zbekiston Tashqi İshlar Vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Hadli bitim Yevropa investitsiya bankining O`zbekiston Respublikasida faoliyatini amalga oshirish uchun huquqiy asoslarini yaratadi.

Ushbu hujjat mamlakatda yirik ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirish uchun Yevropa investitsiya bankining moliyaviy vositalaridan foydalanish imkonini beradi hamda O`zbekiston va Yevropa Ittifoqi o`rtasidagi moliyaviy va texnikaviy hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi o`rinbosarini qabul qildi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1 mart kuni Savdo - iqtisodiy, ilmiy - texnikaviy va madaniy hamkorlik bo`yicha O`zbekiston - Turkmaniston hukumatlararo qo`shma komissiyasining navbatdagi yig`ilishi doirasida mamlakatga tashrif buyurgan Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o`rinbosari Bayram Annameredovni qabul qildi.

Davlat rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, ikki davlat o`rtasidagi ko`p asrlik do`stlik, yaxshi qo`shnilik va o`zaro manfaatli hamkorlikka asoslangan munosabatlar izchil rivojlanib, mustahkamlanib borayotganini chuqur mamnuniyat bilan qayd etdi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining o`tgan yili mart oyidagi Turkmanistonga davlat tashrifi, shuningdek, ikki mamlakat rahbarlarining muntazam muloqotlari O`zbekiston – Turkmaniston hamkorligini strategik sheriklik darajasiga ko`tarib, uni sifat jihatdan yangi amaliy mazmun bilan boyitgani ta`kidlandi.

Savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, energetika sohalaridagi keng miqyosli hamkorlik istiqbollari, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida kooperatsiya aloqalarini mustahkamlash masalalariga alohida e`tibor qaratildi.

Davlat rahbari erishilgan kelishuvlarning o`z vaqtida amalga oshirilishini ta`minlash, navbatdagi oliy darajadagi uchrashuvga puxta tayyorgarlik ko`rishning samarali mexanizmi sifatida Hukumatlararo qo`shma komissiya faoliyatiga yuksak baho berdi.

Annameredov, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevga samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik bildirib, Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning salomi va ezgu tilaklarini etkazdi.

Annameredov, Turkmaniston tomoni keng ko`lamli hamkorlikni yanada rivojlantirish, ikki qardosh davlat o`rtasidagi do`stlik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga tayyor ekanini bildirdi.    

O`zbekiston temir yo`llari Qirg`iziston janubidan barcha turdagi yuklarni tashishda 30 foizlik chegirma berdi.

O`zbekiston temir yo`llari 2018 yilning 22 fevraldan 31 dekabriga qadar O`zbekiston Respublikasi hududidan Qirg`iziston Respublikasi janubiy mintaqalari yo`nalishi bo`ylab tranzit orqali va ortga qaytish yo`nalishida barcha turdagi tovarlarni olib o`tish uchun chegirmalar taqdim etdi.

Bu haqda "Qirg`iziston temir yo`llari" matbuot xizmati xabar berdi.

Ma`lumotlarga ko`ra, O`zbekiston temir yo`llari O`zbekiston Respublikasi hududidan Qirg`iziston Respublikasi janubiy mintaqalari yo`nalishi bo`ylab tranzit orqali va ortga qaytish yo'nalishida barcha turdagi tovarlarni olib o`tish uchun 30 foizlik chegirma taqdim etdi.

Avvalroq, ushbu yo`nalish bo`yicha yuklarni tashish hajmi 300 ming tonnani tashkil etsa, keyingi yuklar 30 foizlik chegirma bilan tashilishi xaqaida xabar berilgan edi.

2017 yilning 13-14 dekabr kunlari Toshkent shahrida ikki davlat prezidentlari darajasida erishilgan ikki tomonlama kelishuvlarni o`z vaqtida amalga oshirishni ta`minlash maqsadida Qirg`iziston temir yo`llari O`zbekiston temir yo`llariga 2018 yilning yanvaridan Qirg`iziston temir yo`llarining janubiy bo`linmasi bekatlari, shuningdek, ortga yo`nalishda, O`zbekiston Respublikasi hududi orqali tranzitda barcha yuklarga 30 foizlik chegirma taqdim etish taklifi bilan murojaat qilgan edi.    

     O`zbekiston va Vengriya 2018-2020 yillarga mo`ljallangan hamkorlik dasturini imzoladi.

2018 yilning 27 fevral kuni Tashqi İshlar Vaziri o'rinbosari Abdujabbor Abduvoxidov boshchiligidagi O`zbekiston Respublikasi delegatsiyasi Budapesht shahrida Vengriya tashqi iqtisodiy aloqalar va tashqi ishlar vaziri Peter Siyarto bilan uchrashdi.

Uchrashuvda ikki tomonlama shaklda va O`zbekiston – Yevropa Ittifoqi muloqoti doirasida O`zbekiston va Vengriya o`rtasidagi munosabatlarni faollashtirish yo`llari va mexanizmlari yuzasidan fikr almashildi.

Suhbat chog`ida turli darajalarda bo`lajak O`zbekiston - Vengriya uchrashuvlariga, jumladan vazirliklararo maslahatlashuvlarning navbatdagi raundi va Iqtisodiy hamkorlik bo`yicha hukumatlararo komissiyaning 5-majlisini o`tkazishga tayyorgarlik ko`rishning amaliy masalalari muhokama qilindi.

Muzokaralar yakuniga ko`ra O`zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va Vengriya Tashqi iqtisodiy aloqalar va tashqi ishlar vazirligi o`rtasida 2018 - 2020 yillarga mo`ljallangan Hamkorlik dasturi imzolandi.

O`zbekiston va Afg`oniston delegatsiyalari Termizda muzokaralar o`tkazdi.

Shu yilning 26-27 fevral kunlari Afg`oniston Islom Respublikasining Energetika va suv resurslari vazirligi tashabbusiga ko`ra Termiz shahrida O`zbekiston va Afg`onistonning suv masalalari bo`yicha idoralari mutaxassislari uchrashuvi bo`lib o`tdi.

Bu haqda O'zbekiston Tashqi İshlar Vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuv chog`ida Amudaryo bo`yi sohilini mustahkamlashga qaratilgan choralar yuzasidan fikr almashildi.

Muzokaralarda O`zbekiston Suv xo`jaligi vazirligi va Afg`oniston Energetika va suv resurslari vazirligi vakillari darajasida tajriba almashinuv hamda muntazam uchrashuvlar tashkillashtirish bo`yicha takliflar ko`rib chiqildi.

Uchrashuv yaqin qo`shnichilik ruhida va do`stlik hamda hamkorlik muhitida bo`lib o`tdi.

    


Tanlangan kalimalar: Afg'oniston , Hamkorlik , O'zbekiston

Aloqador xabarlar