Turk olamidan xabarlar 40-qism

Toshkentdagi Xalqaro hamkorlik markazida O‘zbekiston va Tatariston ishbilarmon doiralarining qo‘shma biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.

Turk olamidan xabarlar 40-qism

                             

Birinchi xabarimiz O’zbekistondan olingan.

Rossiya Federatsiyasiga qarashli Tatariston Respublikasi Prezidenti Rustam Minnixonovning tashrifi doirasida 25 sentyabr kuni Toshkentdagi Xalqaro hamkorlik markazida O‘zbekiston va Tatariston ishbilarmon doiralarining qo‘shma biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. 
Forumda O‘zbekiston va Tataristonning tashqi savdo, sarmoya, yoqilg‘i-energetika, avtomobilsozlik, qurilish, kimyo, yengil sanoat, tibbiyot, farmatsevtika, transport va transport kommunikatsiyalari, logistika, axborot texnologiyalari va sayyohlik sohalari uchun mas’ul vazirlik va idoralari, kompaniya va konsernlari rahbarlari ishtirok etdi. 
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari G‘ulomjon Ibragimov, Tatariston Respublikasi Prezidenti Rustam Minnixonov va boshqalar O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi Prezidentlarining uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar barcha sohalarda, jumladan, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotganini alohida ta’kidladi. 
Forumda Tataristonning 50 ga yaqin kompaniyasi vakillari O‘zbekiston iqtisodiyotiga sarmoya jalb etishning ustuvor yo‘nalishlari, O’zbekistonning neft-gaz, sayyohlik, farmatsevtika, qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi sohalardagi salohiyati, amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, yaratilgan sarmoyaviy muhit va imkoniyatlar, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlar samaralari bilan tanishdi. 
Tadbirda neft-gaz, mashinasozlik, to‘qimachilik, farmatsevtika, ilm-fan, qishloq xo‘jaligi sohalarida, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan erkin iqtisodiy zonalarda investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi. O‘zbekiston va Tatariston kompaniyalari o‘rtasida amaliy aloqalarni rivojlantirish, shuningdek, yangi qo‘shma dastur va loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi. 
Biznes-forum yakunida O‘zbekiston Respublikasi va Tatariston Respublikasi Savdo-sanoat palatalari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida bitim, turizmni rivojlantirish, axborot-kommunikatsiya, tibbiyot va farmatsevtika sohalarida hamkorlik qilishga oid hujjatlar imzolandi. 
Rustam Minnixonov, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va boshqa idoralarda muzokaralar o‘tkazdi, Toshkentning diqqatga sazovor joylari bilan tanishdi. 

 

Navbatdagi xabarimiz Ozarbayjondan olingan.

Ozarbayjon-Turkiya turizm agentligi turk investor va sayyohlarni Ozarbayjonga taklif qiladi.

Ozarbayjon-Turkiya turizm agentligi ma’lum qilishicha, yillik 8 mlrd barrildan ko’p neft zahirasiga ega bo’lgan Ozarbayjon endilikda turizm sohasida katta islohotlarni rejalashtirmoqda.

“Ikki davlat bir millat” shiori bilan harakat qilgan Ozarbayjon Turkiya bilan mustahkam qardoshlik aloqalariga ega bo’lib, qishloq-xo’jaligi, oziq-ovqat sanoati, inshoat, kimyo sanoati, tekstil va turizm kabi sohalarda turk investorlarga katta imkoniyatlar yaratmoqda.

Ozarbayjon turizm agentligi direktori Nurlan Chakmak Ozarbayjonda asosan turizm sohasida juda katta islohotlar amalga oshirilayotganini, nafaqat turk investorlarni, balki turk sayyohlarni ham Ozarbayjonga taklif qilib qolishini aytdi.

U Ozarbayjonni boshqa davlatlarga nafaqat neft va tabiiy gaz manbalari bilan, balki  tarixi, madaniyati, tabiiy boyliklari va o’ziga xos oshxonasi bilan ham tanitishni xohlaydi.

Shu maqsad bilan o’tgan yili turizm sohasi bo’yicha yo’lga qo’yilgan islohotlar mamlakat miqyosida o’z samarasini bermoqda.

Quvonarlisi shuki, Ozarbayjon 13 davlat fuqarolariga viza bo’yicha qulaylik yaratmoqda.

“Turkiya fuqarolariga berilgan qulay viza imkoniyatlari boshqa ko’plab mamlakat fuqarolari uchun ham talluqlidir. Istanbul, Rossiya va Dubayda sayyohlik markazi ochildi. Ozarbayjonni butun dunyoga tanitish uchun turli faoliyatlar olib borilmoqda. Turkiyaning bu sohadagi tajribalaridan foydalanyabmiz va o’zimizga namuna qilib olyabmiz”,-deydi Ozarbayjon turizm agentligi direktori Nurlan Chakmak.

Turk va ozarbayjon xalqlari mushtarak qadriyatlarga ega ekanini tilga olgan Chakmak shunday dedi: “Turklarni Ozarbayjonga taklif qilamiz. Ozarbayjon xalqaro faoliyatlarga mezbonlik qilib, turizm bo’yicha katta qadam tashladi. Yilda mamlakatga kelgan sayyohlar soni 2 mln dan oshdi. Kelgusi 5 yil ichida bu raqamni 3.5 mln ga yetkazishni maqsad qilyabmiz. Ozarbayjonda turk turizmchilarning investitsiyasi katta hajmga ega. O’zaro yaqinligimiz turklar uchun katta imkoniyat bo’lib hisoblanadi. Ozarbayjonda turklarni ko’rishdan baxtiyor bo’lamiz”,-dedi.

 

Navbatdagi xabarimiz Qozog’istondan olingan.

Qozog’istonda qishloq hududlarda ham internet imkoniyati kengayadi.

Bu haqda Qozog’iston informatsiya va xabarlashuv vaziri Davron Abayev bayonot berdi.

U  2020 yilgacha 2 mlndan ziyod aholiga ega bo’lgan qishloqlarga tezkor internet tarmog’i o’rnatilishini bildirdi.

1800 dan ziyod qishloqqa esa optik tolali aloqa liniyalari o’tkazilishini aytgan Abayev, “Ushbu loyiha 2 mlndan ortiq fuqaroning sifatli tezkor internet imkoniyatidan foydalanishiga zamin yaratadi. Bu loyiha 2018-2020 yillarda hayotga tadbiq etilishi rejalanmoqda”,-dedi.

Qozog’iston 2021 yilgacha 18 mln aholining 81%ini internet bilan taminlashni rejalashtirgan.

 

 



Aloqador xabarlar