Ona diyor obidalari 11- qism

Al-Hakim At-Termiziy Maqbarasi

Ona diyor obidalari   11- qism

Al-Hakim At-Termiziy Maqbarasi

Termiziy meʼmoriy majmui, Hakim Termiziy maqbarasi — Termizdagi meʼmoriy yodgorlik (9—15asrlarga tegishli). Majmua Abu Abdulloh Muhammad Hakim Termiziy nomi bilan bogʻlangan. Termiziy me'moriy majmui asrlar davomida bir necha bor qayta qurilgan. Masjid, maqbara, xonaqoh, qo'rixona kabi binolardan iborat boʻlgan. Dastlab xom gʻishtdan xonaqoh (9-asr) bunyod etilib, Hakim Termiziy shu yerda yashab mudarrislik qilgan.

Assalomu alaykum, Ona diyor O`zbekistonning tarixiy obidalar shahriga sayoxat etamiz.

            Al-Hakim At-Termiziy Maqbarasi - Binodan keng hovlining bir qismi, qalin devor toʻsiq va shimoliy - sharqiy burchagida uncha katta boʻlmagan yertoʻlasimon hujra saqlangan. Vaqtlar oʻtishi bilan qabr ustiga, xonaqohning janubiy gʻarbiy burchagida xom gʻishtdan janubiga qaratib maqbara bunyod etilgan (9-asr). Termiziy maqbarasi xalq orasida ulugʻlanib avliyo qabri, muqaddas ziyoratgoh sifatida eʼzozlangan. Keyinchalik maqbaraning sharqiy devoriga tutashtirib kichik qo'rixona va oʻgʻli al Hakim Abdulloh maqbarasi (10-asr), shimolda uncha katta boʻlmagan hovliga qaragan 3 gumbazli, ravoqli yoʻlak koʻrinishidagi namozgoh masjidi (11 —12-asrar) hamda bir qator qoʻshimcha xonalar qoʻshilgan.

 

Temuriylar hukmronligi davrida (15-asr) xonaqoh baland asos (balandligi 1,5 m) ustiga pishiq gʻishtdan qayta qurildi. Unga tutash boʻlgan xonalar taʼmirlandi. Xonaqohning shimoliy va janubiy tomonlariga peshtoq ishlandi. Oddiy va aniq qurilmali xona devorlari ravoq ustunlari "romb" koʻrinishidagi poyustunga tayangan. Hakim Termiziy maqbarasi 9-asrda bunyod etilgan xonaqoh hujralaridan biri boʻlgan. Xonaqoh hovlisining gʻarbidagi 3 gumbazli masjid maqbaraga tutash, 3 ravogʻi hovliga qaragan. Masjidning gʻarbiy devor markazida keng hoshiyali mehrob bor. Undagi boʻrtma yozuv, sopol shakllar, oraliq zaminidagi oʻyma ganch bezaklar oʻziga xos. Masjid ustunlari gʻishtdan bezakli qilib terilgan. Masjiddan ravoq orqali maqbaraga oʻtiladi. Maqbara ichi ganch oʻymakorligida gilam nusxa bezakda serhasham pardozlangan. 

Gumbaz osti sharafasida kufiy xatida Qurʼonning 36 surasi oʻyib yozilgan. Xonaqoh ichi ham yulduzsimon girih naqshlar bilan pardozlangan. Ravoqlaridagi tobadonlariga panjaralar oʻrnatilgan. Maqbara ichidagi oq marmar sagʻana temuriylar davridagi tosh oʻymakorligi sanʼatining yuksak namunasidir. Sagʻana 3 pogʻonali, asosi islimiy naqsh va yozuvli hoshiyalar bilan, oʻrta qismidagi 3 mehrobiy tokchaning markaziy (oʻrta) qismi muqarnas kosachalar bilan, 2 yoni shamchiroq tasviri bilan bezatilgan. Sagʻanadagi yozuvlarda Termiziy hayoti va faoliyati tavsiflangan. Kichik maqbarada ham taʼmirlash ishlari olib borilgan. Abdullaxon hukmronligi davri (16-a.)da hazira (hovli) hududida 9 gumbazli masjid (eski masjidni oʻz ichiga olgan) qurilgan. Oldida yengil ravoqustunli ayvon joylashgan. 19-a.da 9 gumbazli masjid oʻrnida 4 gumbazli masjid bunyod etilgan. Jan.dan kiraverishda yana bir maqbara (goʻrxona va ziyoratxonadan iborat) qurilib, ravoqli boʻlmalar orqali Termiziy maqbarasi va xonaqoh bilan oʻzaro bogʻlangan. T.m.m. 1955—57 y.larda ilmiy oʻrganilib 14— 15-a.lardagi koʻrinishi qayta tiklandi. 1980— 81 y. va 2001—2002 y.larda maqbara va xonaqoh qayta pardozlandi. Majmuaning umumiy tarhi 28,0x29,0 m, maqbara 5,10x4,70 m.



Aloqador xabarlar